Yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan ayollar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda ularni kasb-hunarga jalb qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, joriy yilning may oyida “Trastbank” va Toshkent shahar ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi o‘rtasida hamkorlik Memorandum imzolangandi. Ushbu Memorandumga ko‘ra, poytaxtimizdagi mahallalarda istiqomat qiluvchi bir guruh xotin-qizlar uchun kasb-hunar kurslari tashkil qilindi. Kuni kecha ushbu markazda tahsil olish davomida ham nazariy, ham amaliy bilimlarni o‘zlashtirgan xotin-qizlarga o‘quv kurslarini muvafaqqiyatli tamomlaganliklari uchun maxsus diplom va sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bitiruvchilarga diplomlarni Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi aʼzosi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi eksperti, “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzosi, professor Jamila Shermuxamedova topshirdi.– Bugungi kunga kelib mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning izchil amalga oshirilishi oila va jamiyatning ustuni, umrimizning fayzi bo‘lgan Siz, aziz ayollarga bog‘liqdir – deya ta’kidladi Jamila Shermuxamedova, – Bu borada talaygina ishlar qilinganiga qaramay, oldinda hali qiladigan ishlarimiz ham ko‘p. Opa-singillarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashlari bo‘yicha tuzilgan aniq chora-tadibirlar asosida bu muammolarga birgalikda ijobiy yechim topishimizga ishonaman. Umid qilamanki, bugun qo‘lingizda tutib turgan diplomingiz sizlarga hayotning yangi eshiklarini ochadi. Kelajakda “muvaqqiyatli ayol” nomiga sazovor bo‘lishingizda madadkor bo‘ladi. Shuningdek, yig‘ilganlar tomonidan ham bitiruvchilarga ezgu tilaklar bildirilib, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirildi.
Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
136