“Trastbank” yana bir xayrli ishga hissa qo‘shdi
Mana, 30 yildirki, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki professional xodimlari tomonidan yurtimiz ahli va mehmonlariga barcha turdagi bank xizmatlari va mahsulotlari ko‘rsatib kelinmoqda.Bundan tashqari, “Trastbank”ning Xususiy Sektorni Rivojlantirish Islom Korporatsiyasi hamda Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi va qator kelishuvlarga erishishi natijasida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, bu orqali hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratishga erishilmoqda. Xususan, tekstil, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish, elektromobillar savdosi kabi yo‘nalishlarda qator loyihalar moliyalashtirilmoqda. O‘z o‘rnida, bu kabi saʼy-harakatlar hududlarda aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga zamin yaratmoqda.Kuniga 1200 nafar jismoniy shaxslar, 1000 nafardan ortik yuridik shaxslarga barcha bank xizmatlari va mahsulotlarini taqdim etib kelayotgan “Trastbank”ning “Samarqand” bank xizmatlari ofisiga joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 300 ga yaqin korporativ mijozlar jalb etilgan. Ular bankning mablag‘lari, qolaversa, xorijiy kredit liniyalari hisobidan moliyalashtirib kelinmoqda.
Ana shunday istiqbolli loyihalardan biri – “Meros International Hospital” xususiy klinikasi. Kuni kecha mazkur tibbiyot muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur klinika xalqimizga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishga zamin yaratishini alohida taʼkidlashdi.
Ko‘p tarmoqli, zamonaviy standartlarga to‘liq javob beradigan ushbu klinikada tibbiyot uskunalarini sotib olish va aholiga tibbiyot sohasida xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida Bank tomonidan jami 5 mln AQSH dollari miqdorida moliyalashtirildi. Natijada Germaniya, Italiya, Shvetsariya, Janubiy Koreya, Fransiya, Turkiya va Xitoy davlatlaridan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari xarid qilinib olib kelindi.Robotlashtirilgan jarrohlik texnologiyalari asosida jihozlangan mazkur yangi klinika 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda jarrohlik operatsiyasi xonasi 5 ta, reanimatsiya xonasidagi yotoqlar soni 10 ta, statsionar palatalardagi yotoqlar soni esa 80 tani tashkil etadi.– Muassasamiz Turkiyaning Anadolu klinikasi bilan hamkorlikda ish olib boradi, – dedi klinika direktori Ramil Kupadze. – Bino Janubiy Koreyaning “Revo I” robotlashtirilgan jarrohlik kompleksi, Germaniyaning “Brainlab ner” navigatsion tizimi asosida jihozlangan va bu yerda 55 turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Ushbu texnologiyalar orqali onkologiya kasalligiga chalingan bemorlar uchun jarrohlik amaliyoti yuqori va sifatli darajada amalga oshiriladi. Shuningdek, neyroxirurgiya, urologiya, ginekologiya va lor kasalliklari eng so‘nggi texnologiyalar asosida davolanadi. Aytish joizki, robotlashtirilgan jarrohlik amaliyoti Samarqandda ilk bor amalga oshiriladi. Shifo maskanida 190 nafar mamlakatimiz tibbiyot xodimi hamda Turkiya va koreyalik mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi.Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Trastbank” va uning hamkor mijozlari tomonidan xalqimiz farovonligini taʼminlash, ularning salomatligini mustahkamlash, aholini ish bilan taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar izchil davom ettiriladi.