“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tizimida bank xodimlarining Bank qonunchiligiga doir qonunlar va normativ hujjatlar to‘g‘risidagi bilimlarini kengaytirish, yangi qonunlar, ulardagi o‘zgarishlar va yangiliklar bilan tanishtirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Xususan, kuni kecha “Trastbank” XAB Pul muomalasi va kassa ishini tashkil etish departamenti tomonidan CISCO dasturi orqali bank xizmatlari ofislari pul muomalasi bo‘limi va tegishli kassa xodimlari, shuningdek joylardagi barcha bank xizmatlari markazlaridagi mas’ul xodimlar ishtirokida “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan texnik o‘quv seminari o‘tkazildi.
Seminar davomida “Trastbank” XAB Pul muomalasi va kassa ishini tashkil etish departamenti boshqarma boshligʻi A. Otajonov tomonidan ushbu Qonunning muhim jihatlari, bank xodimlari uchun zarur bo‘lgan qoidalar va tartiblar haqida taqdimot qilindi. Seminar ishtirokchilari qonunning asosiy bandlari, ularning amaliyotda qo‘llanilishi, qolaversa, mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida qonun talablarini qanday bajarish kerakligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, seminar ishtirokchilariga fuqarolarning banklardagi omonatlarining kafolatlash obyekti, kafolatlash fondi, Fond Kuzatuv kengashining vakolatlari, Banklarning Fond oldidagi majburiyatlari, omonatlar bo‘yicha haq to‘lash tartibi va muddatlari kabi Qonunda belgilab qo‘yilgan muhim jihatlar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Ishonch bilan ayta olamizki, ushbu seminar xodimlarga Qonun talablarini chuqur tushunishga, bank mijozlariga mablag‘larini xavfsiz saqlash va himoya qilish bo‘yicha aniq yo‘l-yo‘riq berishga va ularga xizmat ko‘rsatishda yuqori darajadagi professionallikni namoyish etishlariga yordam beradi.