O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan mamlakatimizda kichik va o‘rta biznes subyektlari faoliyati uzluksizligini ta’minlash imkoniyatlarini yanada oshirish borasida bir qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tijorat banklarida ushbu xizmatlar joriy etildi.
“Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida ham mijozlarga yetkazib berilgan tovar/mahsulotlar bo‘yicha debitorlik qarzdorligini sotib olish uchun faktoring xizmatini ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Undan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, bankda talab qilib olingungacha depozit hisobvaraqlari mavjud bo‘lgan xo‘jalik subyektlari foydalanishlari mumkin.
Faktoring xizmati qisqa vaqt ichida mijozlarga tezkorligi va qulayliligi bilan maʼqul keldi
Shahnoza PO‘LATOVA,
“Trastbank” XAB Investitsion loyihalarni moliyalashtirish va faktoring xizmati bo‘limi boshlig‘i: Faktoring – hozirda biznes uchun muhim vosita hisoblanadi. U xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha to‘lovni, regress huquqi bilan yoki regress huquqisiz, oldindan olish imkoniyatini beradi. Mazkur xizmat tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga ko‘plab qulayliklar yaratadi. Ya’ni kompaniyalar o‘zlarining joriy hisob-kitoblarini tezda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ularga biznes faoliyatlarini samarali tashkil etishga yordam beradi. “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida faktoring xizmati joriy yilning oktabr oyidan yo‘lga qo‘yildi va qisqa vaqt ichida mijozlarga o‘zining soddaligi, tezkorligi va qulayliligi bilan maʼqul keldi.
Bugungi kunda bankimizda 90 kungacha bo‘lgan muddatga milliy valyutada ochiq va yopiq turdagi Faktoring xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Ushbu xizmat shartnoma shartlari va muddatlariga ko‘ra 2% dan 10% gacha diskont to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi.
– “Trastbank”ning faktoring xizmatidan foydalandik, – dedi mijoz Jamshid Ergashev.
– Ilgari mijozlardan to‘lovlarning kechikishi muammosiga duch kelardik. Bu kechikish likvidligimiz va moliyaviy rejalashtirish jarayonimizga sezilarli ta’sir ko‘rsatardi. Endi o‘z mahsulotlarimiz va xizmatlarimiz uchun mablag‘larni ancha tezroq olyapmiz. Bu ta’minotchilarimizga o‘z vaqtida haq to‘lash, xodimlarga ish haqi berish va rivojlanishga sarmoya kiritish imkonini beryapti. Faktoringdan foydalanishning tezkorligi va qulayligi bizni juda mamnun qilmoqda. Boisi, jarayon sodda va ortiqcha hujjatbozliklar yo‘q. Umuman, “Trastbank” xodimlari yuqori malakaga ega bo‘lib, doimo yordam ko‘rsatishga tayyor. Bu yerda ko‘p vaqt sarflamaymiz, ishimizni tezda bitiramiz.
Muxtasar aytganda, “Trastbank” mijozlarga shu kabi sifatli xizmatlarni taqdim etishga doimo intiladi. Biznesingizni rivojlantirishda ishonchli hamkoringiz bo‘lishga tayyormiz. Zero, “Trastbank” – ishonch bilan yuzma-yuz!