Bugun, 21-yanvar kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Xalqaro moliya” kafedrasining filiali ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda “Trastbank” XAB Boshqaruv raisi o‘rinbosari Z.Kurganov, universitetning O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori S.Mehmonov, moliya muassasasi xodimlari va oliy o‘quv yurtining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tijorat banklari, moliya va soliq organlari, yirik xo‘jalik birlashmalari bilan hamkorlik shartnomalarini tuzish asosida mutaxassis tayyorlovchi kafedralarning filiallarini tashkil etish lozimligi ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Ayni shu maqsadda “Trastbank”da tashkil etilgan ushbu muassasasa talaba-yoshlarning amaliyot o‘tashi va ish yuritishi uchun zamin yaratadi.
Bundan tashqari, raqobatbardosh va malakali mutaxassislar tayyorlashda nazariya hamda amaliyot o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash, talabalarning ta’lim jarayonida olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash va mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning amaliyotdagi mavjud yangiliklar bilan yaqindan tanishishiga imkon beradi.
Tadbirda “Trastbank” XAB va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat bank hamda universitet o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, bank tizimida talabalarning malakaviy amaliyotini, bitiruv-malakaviy ishlar himoyasi va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazish, bank xodimlari ishtirokida professor-o‘qituvchi va talabalar uchun dolzarb mavzularga bag‘ishlangan mahurat darslari, o‘quv seminarlari tashkil etilishini tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
193