Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ulkan islohotlar markaziga aylanib, inson, uning haq-huquqlari, qadr-qimmati milliy davlatchiligimizning asosiy tamoyiliga aylandi. Darhaqiqat, amalga oshirilib kelinayotgan barcha ishlar hamda keng ko‘lamli loyihalar xalqimizni farovonligini ta’minlashga qaratilgan. “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham mana shunday ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Xususan, kuni kecha “Trastbank” XAB Boshqaruv Raisi o‘rinbosari Z. Kurganov hamda Toshkent shahar ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi direktorining o‘rinbosari M. Sarvarova tomonidan imzolangan hamkorlik bitimi aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Ushbu hamkorlik bitimiga ko‘ra, Toshkent shahridagi ishsizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilish, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi diplomi darajasiga tenglashtirilgan va egallagan bilimlarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan sertifikatlar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, “O‘quv markazi” tomonidan xalqaro standartlar talablariga javob beradigan ta'lim dasturlari asosida o‘qitish va diplom (sertifikat)lar berish vazifasi istiqbol reja etib belgilangan.