Размер шрифта: A A
Цвет сайта: A A A A
Mobil talqin
1287, +998 78 140-00-88
Ishonch telefoni
+998 71 207-36-45
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Call center
1287,
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Aktsiyadorlarga tezkor bog'lanish
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00

“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki aksiyadorlarining navbatdagi yillik umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Yangilangan sana: 19 May 2023, 18:43
“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki aksiyadorlarining navbatdagi yillik umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
19 May 2023

2023-yil 19-may kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki aksiyadorlarining navbatdagi yillik umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni “Trastbank” XAB Kuzatuv Kengashi Raisi Tohir Sharipov olib bordi.

2.jpg

Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan qator masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, “Trastbank” XABning 2022-yil faoliyati yakunlari va 2023-yil uchun rivojlanish istiqbollari to‘g‘risidagi hisobot muhokama qilindi. Shu jumladan, hisobotda moliyaviy holat, foyda va zarar hamda boshqa umumiy daromadlar, kapitalda o‘zgarishlar, 2022-yilda affillangan shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarga urg‘u berildi.  

Bundan tashqari, Bank Taftish komissiyasi (Taftishchisi)ning 2022-yil yakunlari bo‘yicha xulosasi tasdiqlandi.  

3.jpg

Qolaversa, Bank Ustaviga, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki boshqaruvi to‘g‘risidagi, kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalalari ko‘rib chiqildi.  

Yig‘ilishda 2022-yil yakuni bo‘yicha Bankda korporativ boshqaruv tizimini baholash natijalari ham muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, “PREMIUM FINANCE” MChJ konsalting kompaniyasi tomonidan “Trastbank” XABda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash o‘tkazildi. Bu jarayonda Korporativ boshqaruv kodeksi tavsiyalariga rioya qilish, AJ tashkiliy tuzilmasining muvofiqligi, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish, axborot siyosati, moliyaviy natijalar va boshqa sohalarga e’tibor qaratildi. Natijada “Trastbank” XAB korporativ boshqaruv tizimi 84,83 foiz bilan “Yuqori” darajada deb tan olindi.

4.jpg

Bank Kuzatuv Kengashining 2022-yil yakunlari bo‘yicha korporativ boshqaruv me’yorlariga rioya etilganligi haqidagi hisobot muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etilganidek, 2022-yilda xususiy va korporativ mijozlar bilan faol ishlash, Bank uchun anʼanaviy mahsulotlarni takomillashtirish va yangi xizmatlarni ishlab chiqishda ustuvor ahamiyat qaratilib, ijobiy moliyaviy natijalarga erishildi va faoliyat samaradorligi oshirildi. Xususan, kredit portfeli, bank aktivlari va jalb qilingan depozitlar hajmi 1,2 barobar, kapital va foyda esa 1,4 barobarga oshdi.

Qolaversa, o‘tgan yilda “Standard&Poor’s Global Ratings” xalqaro reyting agentligi “Trastbank” XAB reytingini “B+” darajasida, “Barqaror” prognozi bilan tasdiqladi. Shuningdek, “Trastbank” O‘zbekistonda banklar orasida birinchilardan bo‘lib korrupsiyaga qarshi ISO 37001 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi.

5.jpg

Bundan tashqari, Bank Kuzatuv kengashi a’zolarini saylash, “Trastbank” XAB Boshqaruvi Raisi bilan mehnat shartnomasi tuzish, 2022-yilda olingan foydani taqsimlash va kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Bank Boshqaruviga mijozlar sonini oshirish, moliya muassasasining moliyaviy natijalarini yanada yaxshilash, xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish, mijozlarga ko‘rsatilayotgan onlayn xizmatlar turini kengaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy normativlarga qat’iy amal qilish borasida tizimli ishlarni tashkil etish kabi vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 360
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech