“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Boshqaruvi Raisi S.Normuxamedov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib, “Raiffeisen Bank International AG” bilan kredit shartnomasini imzoladi.
Mazkur kelishuvga ko‘ra, “Trastbank” XAB Avstriyaning rasmiy eksport-kredit agentligi hisoblangan OeKB (Oesterreichische Kontrollbank AG) sug‘urta qoplamasi ostida “Raiffeisen Bank International AG”dan 11 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qiladi.
Ta’kidlash joizki, “Trastbank” XAB Avstriyaning rasmiy eksport-kredit agentligi ko‘magida ishlab chiqilgan mazkur o‘rta muddatli moliyalashtirish mahsulotini O‘zbekiston moliya institutlari orasida birinchi bo‘lib muvaffaqiyatli joriy etdi. Yangi kelishuv esa bank uchun ushbu yo‘nalishdagi ikkinchi kredit liniyasi hisoblanadi.
Jalb qilingan mablag‘lar mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga maqsadli yo‘naltiriladi. Ushbu kredit liniyasi “Trastbank”ka iqtisodiyotning zamonaviy ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash hamda muqobil energetika kabi strategik muhim va yuqori texnologiyali tarmoqlaridagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hajmini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beradi. Eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va respublika bo‘ylab yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida ustuvorlik beriladi. Mazkur ikkinchi liniyaning muvaffaqiyatli ochilishi Yevropadagi hamkorlar tomonidan “Trastbank”ka bildirilayotgan yuksak ishonchdan dalolat beradi. Qayd etish joizki, “Trastbank” XAB va “Raiffeisen Bank International AG” o‘rtasidagi strategik hamkorlik 2008-yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida moliya institutlari hisob-kitob, g‘aznachilik va hujjatli operatsiyalar sohasida mustahkam sheriklik aloqalarini o‘rnatdi.
Ma’lumot uchun, “Raiffeisen Bank International AG” (RBI) guruhi Avstriya hamda Markaziy va Sharqiy Yevropaning yetakchi korporativ va investitsiya banki hisoblanadi. U mintaqa mamlakatlarida 2 200 dan ortiq bo‘linmalardan iborat keng tarmoqqa ega.
Avstriya Nazorat banki (OeKB) esa 1946-yilda tashkil etilgan Avstriyaning rasmiy eksport-kredit agentligi (ECA) bo‘lib, eksport va investitsiya moliyalashtirishini ta’minlash bo‘yicha davlat tuzilmasi vazifasini bajaradi.
Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
20




