2025-yil 16-17- va 23-avgust kunlari Toshkent shahrida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar o‘rtasida “Spartakiada – 2025” sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Ko‘tarinki kayfiyat hamda zo‘r ishtiyoq bilan ishtirok etgan jamoalar sportning bir necha turi bo‘yicha o‘zlarining mahoratini namoyon etishdi. Bu, albatta, “Trastbank”da sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, moliya muassasasi xodimlarining sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasida amalga oshirib kelinayotgan ishlarning samarasi, desak mubolag‘a emas.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi va “Trastbank” XABning 31 yilligi arafasida o‘tkazilgan “Spartakiada – 2025” sport musobaqalari an’anaga sodiq holda davom ettirildi. Mazkur bellashuvlarda umumiy hisobda 1000 nafarga yaqin xodimlar qamrab olingani, qolaversa, sportning suzish, yengil atletika turlari qo‘shilgani uning nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
Uch kun davom etgan bellashuvlarda Bosh ofis hamda hududlardagi bank xizmatlari ofislari jamoalari yakdillik bilan qatnashib, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashdi.
Tanatanali taqdirlash marosimida “Trastbank” XAB Boshqaruv Raisi S.Normuxamedov ishtirok etib, ishtirokchilarni ushbu sport bayrami bilan tabrikladi. Qolaversa, hamkasb-xodimlarning viloyatlar, respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishlarini alohida e’tirof etdi. “Spartakiada” o‘yinlari esa moliya muassasasida jamoaviy ruh, birdamlikni oshirishiga xizmat qilishini ta’kidlab, barcha ishtirokchilarni, g‘olib jamoalarni muvaffaqiyat bilan qutladi.
Qizg‘in bahslar, qat’iyatli o‘yinlarga boy tarzda o‘tgan “Spartakiada – 2025” sport musobaqalarida ishtirokchilar va ularning muxlislari chinakam ma’noda zavq tuydi. Stol tennisi bo‘yicha saralash bosqichi o‘yinlarida Bosh ofis, qolaversa, “Andijon”, “Buxoro”, “Termiz” bank xizmatlari ofislari a’zolari o‘z taktikasi bilan ajralib turib, yarim finalga chiqdi. Yakuniy bosqich ham hayajonli shukuhda o‘tdi. Murosasiz kechgan o‘yinda “Andijon” BXO yuqori natija bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni “Buxoro” BXO zabt etdi. “Termiz” BXO esa shohsupaning uchinchi o‘rnidan joy oldi.
Shaxmat bo‘yicha saralash bosqichi o‘yinlari ham intellektual raqobat ruhida o‘tdi. Dona surishda zukkolik ko‘rsatgan Amaliyot boshqarmasi, “Buxoro”, “Toshkent”, “Qarshi” bank xizmatlari ofislari jamoalari finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shiddatli kechgan final o‘yinlari muxlislarni ham hayajon bilan kuzatishga undadi. Amaliyot boshqarmasi jamoasi raqiblarini mot qilib, shohsupaning yuqori o‘rnidan joy oldi. Zukkoligi bilan ajralib turgan “Buxoro” BXO ikkinchi va “Toshkent” BXO esa uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.
“Spartakiada – 2025” bellashuvlarida yangi qo‘shilgan sportning suzish turi bo‘yicha guruh bosqichida startga chiqqan jamoalar orasidan Bosh ofis, “Andijon”, “Qarshi”, “Termiz”, “Yakkasaroy” bank xizmatlari ofislari a’zolari epchillik bilan mahoratini namoyon etib, finalga yo‘llanma oldi. Shu kunning o‘zida yakuniy bosqich ham o‘tkazildi. Hayajonli daqiqalarga boy bo‘lgan finalda “Andijon” BXO peshqadamlik qildi. Ya’ni masofani “Andijon” BXO 30.78, Bosh ofis 31.10, “Termiz” BXO esa 32.79 muddatda bosib o‘tdi.
Joriy yilgi “Spartakiada” musobaqalarida sportning yengil atletika turi ham kiritilgan bo‘lib, ishtirokchilar kuch va chaqqonlik bo‘yicha mahoratini namoyon qilishdi. “Sport qiroli” deya atalmish yengil atletika bellashuvlari qizg‘in davom etdi. 400 metrga yugurgan jamoalar orasidan eng chaqqonlar aniqlandi. Marraga dastlab “Namangan” BXO vakillari yetib kelib, shohsupaning birinchi o‘rnini zabt etdi. Amaliyot boshqarmasi ikkinchi, “Andijon” BXO vakillari esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Joriy yilgi “Spartakiada” musobaqalarida jamoalar tomonidan puxta tayyorgarlik ko‘rilganligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Erkaklar qatori xotin-qizlar ham sportning turli yo‘nalishlarida faol qatnashdi. Stol tennissi, voleybol, basketbol, shaxmatda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi.
Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol o‘yinlari ham shiddatli tus oldi. Murosasiz olib borilgan guruh bosqichi bahslarida Amaliyot boshqarmasi, “Andijon”, “Namangan”, “Termiz” BXOlarning qo‘li baland kelib, yarim final tomon yo‘l olishdi. O‘z navbatida, yarim finaldagi murosasiz kurashlarda ochkolarga ko‘ra, “Andijon” va “Namangan” BXO jamoalari final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yakuniy bosqich ham qizg‘in tus oldi. Hakam hushtagi chalingach, sportchi qizlarimiz voleybolda ham faol ekanligini namoyon etishdi. Qayd etilgan natijalar “Andijon” BXOning xotin-qizlari voleybol bo‘yicha bankimizning chempioni ekanligini ko‘rsatdi. Natija esa quyidagicha:
1-o‘rin – “Andijon” BXO
2-o‘rin – “Namangan” BXO
3-o‘rin – “Termiz” BXO
Sportning voleybol turi bo‘yicha erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan guruh bosqichi bellashuvlari shiddatli va taktikaga boy o‘yinlar bilan tomoshabinlar diqqat markazida bo‘ldi. Saralash o‘yinlarida Amaliyot boshqarmasi, “Andijon”, “Darxon”, “Termiz” BXOlar qat’iyatligi, tezkorligi bilan ajralib, yarim finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shiddatli kechgan yarim final natijalariga ko‘ra, “Andijon” va “Darxon” BXO jamoalari yakuniy bosqichda bellashadigan bo‘ldi.
Tabiiyki, final ham hayajonli daqiqalarga boy bo‘ldi. “Andijon” BXOning qo‘li baland kelib, shohsupaning eng yuqori o‘rnini band etdi. Ikkinchi pog‘onadan “Darxon” BXO joy oldi. Uchinchi o‘rinni esa “Termiz” BXO egalladi.
Navbatdagi bellashuvlar – sportning basketbol turi bo‘yicha. O‘yinlar borgan sari qizg‘in pallaga kirdi. Guruh bosqichida shiddatli va murosasiz kechgan o‘yinda Amaliyot boshqarmasi, “Namangan”, “Samarqand”, “Yakkasaroy” bank xizmatlari ofislarining qo‘li baland kelib, raqib tomon to‘pni mahorat bilan halqaga tashlashdi. Natijada ushbu jamoalar yarim final sari yo‘l olishdi. Yarim finalda “Namangan” va “Yakkasaroy” BXOlarning bo‘ydorlari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Yakuniy bosqich ham qizg‘in tus oldi. Ishtirokchilarning shiddatli o‘yinlari, muxlislarining hayqiriqlari o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Natijalarga ko‘ra, shohsupaning birinchi pog‘onasidan “Yakkasaroy” BXO jamoasi joy oldi. Ikkinchi o‘rinni “Namangan” BXO, uchinchi o‘rinni esa “Samarqand” BXO egalladi.
“Spartakiada – 2025” sport musobaqalari ayni jo‘shqin pallada davom etdi. Boisi, jamoalar va ularning muxlislari mini futbol bo‘yicha bellashuvlarni zo‘r ishtiyoq bilan tomosha qilishdi. Saralash bosqichida chiroyli o‘yin namoyish etgan Bosh ofis, “Andijon”, “Darxon”, “Jizzax”, “Raqamli”, “Termiz”, “Qarshi”, “Yakkasaroy” BXOlar chorak finalga yo‘l olishdi.
O‘z navbatida, chorak final ham qizg‘in bahslarga boy tarzda o‘tdi. To‘p surishlar, chiroyli gollar va muxlislar hayqirig‘i – bularning bari maydon uzra o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. “Andijon”, “Raqamli”, “Qarshi”, “Termiz” BXOlar yarim final sari yo‘l oldi.
Yarim final bosqichida “Andijon”, “Raqamli”, “Qarshi”, “Termiz” bank xizmatlari ofislari jamoalari chiroyli gollari va taktik o‘yinlari bilan muxlislarini xushnud etishdi. Natijalar esa qiziq. “Qarshi” BXO jamoasi an’anasiga o‘zgartish kiritdi. Uning darvozasini “Raqamli” BXO ishg‘ol etib, mag‘lubiyatga uchratdi. O‘z o‘rnida, andijonliklar kelib termizliklar darvozasiga ketma-ket 5 ta gol urib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Yakuniy bosqich qizg‘in tus oldi. “Andijon” va “Raqamli” bank xizmatlari ofislarining to‘psurarlari tomoshabinlarga qiziqarli o‘yin namoyish etdi. “Andijon” BXO jamoasida 7 raqamda o‘ynagan Ahrorjon Alijonov dastlabki golni tuhfa etdi. Unga javoban xuddi shunday 7 raqamda to‘p surgan “Raqamli” jamoasidan Isroil Hikmatov raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Bellashuvlar shiddatli tarzda davom etdi. Andijonlik Husanboy Usmonovning goli yakuniy g‘alaba sifatida qabul qilindi. Umumiy hisob 4:2. “Raqamli” BXO jamoasi “Andijon” BXOga mag‘lub bo‘ldi. Shunday qilib, boburiylar avlodi andijonliklar keldi va kubogni olib ketdi…
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bu musobaqada do‘stlik g‘alaba qozondi. Zotan, sport – do‘stlik, tinchlik elchisi. Andijonliklar qoraqalpog‘istonlik hamkasblarini, xuddi shunday vohaliklar vodiylik kasbdoshlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shuningdek, an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan “Spartakiada” o‘yinlari xodimlarning ishtiyoqiga ishtiyoq, shijoatiga shijoat qo‘shdi. Kelgusi yilda ham jamoalardan ana shunday shiddatli o‘yinlar kutib qolamiz.
Barchaga zafar onlari, g‘oliblik kubogi muborak bo‘lsin.





