Xabar berib borilayotganidek, 2026-yil 1-aprel kunidan e’tiboran ayrim to‘lovlarni naqdsiz shaklda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Xususan, davlat xizmatlari, kommunal xizmatlar, oziq-ovqat mahsulotlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari xizmatlari, yirik xaridlar (25 mln so‘mdan yuqori)da ushbu tartib qo‘llaniladi.
Bugun, 27-mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan media muloqot o‘tkazildi. Unda tegishli vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari, tijorat banklari mas’ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbir to‘g‘ridan to‘g‘ri jonli efirda namoyish etilib, jamoatchilik vakillarini qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan batafsil javob qaytarildi.





