“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Komplaens nazorat departamenti tomonidan “Business Advisory Group” MCHJ konsalting kompaniyasi bilan birgalikda o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda Bankning Bosh ofisi mutasaddilari, Amaliyot boshqarmasi va bank xizmatlari ofislari mas’ullari ishtirok etdi.
Seminarda “Trastbank” XAB tizimida xalqaro standart talablariga muvofiq ISO 9001:2015-sifat menejmenti tizimi hamda 37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish sifat menejmenti tizimi talablari to‘g‘risida so‘z yuritildi. Xususan, tarkibiy tuzilmalar va bank xizmatlari ofislari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirib borish, bu boradagi huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish kabi jihatlarga urg‘u berildi.
Bundan tashqari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash, rahbar va boshqa xodimlarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish, korrupsion harakatlarga aralashuvi xatarini yo‘q qilish maqsadida standart talablariga muvofiq ishlab chiqilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosat talablari tanishtirildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi jarayonlari hamda ularni monitoring qilish va baholash usullari, xizmat tekshiruvlari o‘tkazish tartibi yuzasidan tushunchalar berildi.