Til nafaqat muomala vositasi, balki millatning o‘zligi, uning turmush tarzi, tarixi va kelajagidir. Bugun, 21-oktabr yurtimiz bo‘ylab O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganligining 35 yilligi kеng nishonlanmoqda. Bayram munosabati bilan “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida ham “Davlat tili – kuch-qudrat va ilhom manbai” mavzusida o‘zbek tilining ahamiyati hamda rivojiga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, yozuvchi, dramaturg Qo‘chqor Norqobil hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Shayxontohur tuman bo‘linmasi mas’ul xodimi Sh.Jumanov ishtirok etib, bank xodimlarini bayram bilan tabrikladi. Yozuvchi o‘z so‘zida bugun davlatimiz taraqqiyot yo‘lidan ildam odimlayotgani, shu qatori millatimiz yuragi, ruhi hisoblangan ona tilimiz rivoji uchun ham e’tiborli bo‘lish har birimizning burchimiz ekanligini uqtirdi. Shuningdek, ota-bobolarimizdan bizga meros qolgan tilning go‘zalligi hamda sofligini saqlash, til me’yorlari bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarni oshirish zaruriyati alohida ta’kidlandi. Ijodkorning o‘zbek tilining rivojlanish tarixi, mutolaa madaniyati haqidagi fikr hamda ma’ruzalari bank xodimlarining bu boradagi bilimlarining kengayishiga xizmat qildi. Tadbir doirasida bank xodimlari o‘rtasida mushoira va qiziqarli savol-javob o‘tkazilib, faol ishtirokchilar o‘zbek hamda jahon adabiyotining eng sara kitoblari bilan taqdirlandi.
Manba:
ko'rsatilmagan
/
Ko'rishlar:
207