Размер шрифта: A A
Цвет сайта: A A A A
Mobil talqin
1287, +998 78 140-00-88
Ishonch telefoni
+998 71 207-36-45
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00
Call center
1287,
+998 78 140-00-88
Aktsiyadorlarga tezkor bog'lanish
+998 78 140-00-88
Ish tartibi: DU-JU 09:00-18:00

Taraqqiyot yo‘lida sobitqadamlik bilan ildamlayotgan “Trastbank” 30 yoshda!

Yangilangan sana: ...
Taraqqiyot yo‘lida sobitqadamlik bilan ildamlayotgan “Trastbank” 30 yoshda!
21 Iyun 2024

Taraqqiyot yo‘lida sobitqadamlik bilan ildamlayotgan “Trastbank” 30 yoshda!

Bugun “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tashkil etilganiga 30 yil to‘ldi. Ortda qolgan davr mobaynida moliya muassassi bank-moliya tizimida munosib o‘rin egallab, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan yirik banklardan biriga aylandi.

Ta’kidlash joizki, 30 yillik faoliyati davomida “Trastbank” XAB millionlab o‘zbekistonliklarning ishonchini qozonib, xizmat ko‘rsatishda sifat va tеzkorlik, aniqlik va mukammal rеjalar asosida ishlash, jahon tajribasidan kеng foydalanish, xorijiy hamkorlar bilan mustahkam aloqalar, mijozlarga namunali xizmat ko‘rsatish, innovatsion tеxnologiyalaridan foydalangan holda bank xizmatlarining yangi turlarini joriy etish va boshqa ko‘plab tarmoqlarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Bugungi kunga kelib bank Respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan 14 ta bank xizmatlari ofisiga, shuningdek, mijozlarga yanada yaqinroq bo‘lish maqsadida respublikaning chekka shahar va tumanlarda ham 120 ga yaqin “Bank xizmatlari markazlari”ga ega bo‘ldi. Shu yil ularning safiga “Gulobod”, “Yangiqo‘rg‘on”, “Vobkent”, “Norin”, “Angren” BXM larining qo‘shilishi ham yildan yilga Bankning hududiy jihatdan kengayotganidan dalolat beradi.

Yana bir muhim raqamli ko‘rsatkich, 2023-yilga kelib bank aktivlarining hajmi 9371,8 mlrd so‘mga, kredit portfeli esa 4822,6 mlrd so‘mga yetdi. Umumiy kapital 495,4 mlrd so‘mga yoki 1,3 barobarga oshib, 2043,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Tezkor, sifatli va ishonchlibank mahsulotlari

Yildan yilga “Trastbank” o‘zining yangi bank mahsulotlari va xizmatlari bilan mijozlarni ishonchini oqlab kelmoqda. Jumladan, yuridik va doimiy daromadga ega jismoniy shaxslarga hamda o‘zini o‘z band qilgan fuqarolarga yuqori foizli omonat turlari, maxsus shartlardagi avtokredit va mikroqarzlar taqdim etib kelinmoqda.

Bundan tashqari, aholining kartalaridan faol foydalanishni hisobga olgan holda hozirda milliy to‘lov tizimida 630 mingdan va xalqaro to‘lov tizimida esa 18 mingdan ziyod karta muomalaga chiqarilgan va 14 mingga yaqin statsionar savdo terminallari o‘rnatildi. Hududlarda o‘rnatilgan 400 ta, shu jumladan, 100 dan ortiq ko‘p funksiyali bankomatlar aholiga tun-u kun xizmat ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda mijozlarimiz milliy valyutada 23 foizgacha, xorijiy valyutada 7 foizgacha bo‘lgan jami 12 ta omonat turidan foydalanadi. Ta’kidlash joizki, Bank tomonidan omonat sifatida qabul qilingan mablag‘larning qaytarilishi “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Omonatlarini kafolatlash jamg‘armasi tomonidan kafolatlanadi.

Innovatsion rivojlanish, masofaviy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, bank xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida “Trastpay” mobil ilovasi yaratilib, ilovaning imkoniyatlari zamon talablariga muvofiq yangilab borilmoqda. Hozirda “Trastpay” mobil ilovasi yordamida mijozlar 50 million so‘mgacha onlayn mikroqarz olish, milliy va xorijiy valyutada omonat rasmiylashtirish, turli xil to‘lovlarni amalga oshirish, texnik yordam olish va onlayn konversiya kabi xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, turli xizmatlar: mobil aloqa, Internet, televideniye, telefoniya, o‘yinlar va hatto jamoat transportida harakatlanganlik uchun sarf qilingan mablag‘larning bir qismini qaytarib olish, ya’ni 2 foizgacha keshbek olish imkoniyati ham mavjud.

“Trastbank” peshqadamlar safida

O‘tgan vaqt oralig‘ida “Trastbank” milliy va xalqaro reytinglarda nufuzli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, joriy yilning mart oyida Angliyaning xalqaro nufuzli “Brand Finance” kompaniyasi tomonidan ilk bor O‘zbekistonning Top-10 brendlari ro‘yxati e’lon qilindi. Unga ko‘ra, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki mamlakatimizdagi eng yuqori, Top-3 brendlar ro‘yxatidan o‘rin oldi. Qayd etish joizki, bu Bankning marketing imkoniyatlari va brend kuchiga beriladigan yuqori bahodir. Brendni o‘rganishda mijozlarga xizmat ko‘rsatish, ishonch, narxlarni o‘z ichiga olgan 20 dan ortiq atributlar inobatga olingan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra 2023-yilning yakunlari bo‘yicha “Trastbank” XABning mamlakatimizdagi 17 ta yirik banklar orasida eng yuqori faollikni ko‘rsatib, ushbu reytingda ikkinchi o‘rinni egallashi navbatdagi munosib e’tiroflardan biri bo‘ldi. Bank o‘z faoliyatini to‘rtta asosiy ko‘rsatkich, ya’ni moliyaviy vositachilik, qulaylik, boshqaruv sifati va likvidlik bo‘yicha yaxshiladi.

Shuningdek, Jidda shahrida o‘tkazilgan xususiy sektor bo‘yicha xalqaro forumda muvaffaqiyatli ishtirok etishi va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi tomonidan “Trastbank” kichik va o‘rta biznes yo‘nalishida eng yaxshi hamkor” deb eʼtirof etilishi Trastbank”ning mijozlar uchun yanada qulay va tezkor xizmatlarni taqdim etishi, islom shariati shartlari asosida kichik va o‘rta biznes vakillarining loyihalarini moliyalashtirishda, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratilishida munosib hissa qo‘shishida turtki bo‘ldi. Ma’lumot o‘rnida, “Trastbank”ning islom shariatlari asosida moliyaviy xizmat ko‘rsatadigan “Trast Muamalat” sho‘ba korxonasi yurtdoshlarimizga shariatga mos moliyaviy mahsulotlarni taqdim etib kelmoqda.

Bundan tashqari, 2023-yil noyabr oyida “Fitch Ratings” reyting agentligi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki uchun xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolt reytingini “Barqaror” prognoz bilan “B” darajasida tasdiqladi. “Fitch Ratings” agentligi prognozlariga ko‘ra, bankning kichik va o‘rta biznesni yuqori daromadli kreditlashga qaratayotgani, yaxshi operatsion samaradorlik, yuqori operatsion foyda reytingning yanada oshishiga xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim jihat, “Trastbank” O‘zbekistondagi banklar orasida birinchilardan bo'lib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha ISO xalqaro sertifikatiga ega bo'lgan banklar qatoriga kiradi. Bunday e’tiroflar va yuqori natijalarga intilish Bankning kelgusi istiqbol rejalariga ham kiritilgan bo‘lib, ularning soni yildan yilga oshishi uchun kerakli barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish tashabbusi bo‘yicha sa’y-harakatlar

30 yillik faoliyat davomida “Trastbank” XAB tomonidan aholi bandligi ta’minlash maqsadida yangi ish o‘rinlari yaratilishi yuzasidan bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, birgina joriy yilning o‘zida “Belissimo pizza” MCHJ tomonidan 1 000 ta, “7777 PHARM” MCHJ tomonidan 20 ta, “BROOKLAND” kompaniyasi tomonidan 20 ta, “Hurshida enter delux” MCHJ tomonidan 30 ta va “Alfa Petrol” MCHJ tomonidan 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, Bankning moliyaviy ko‘magida o‘z faoliyatini kengaytirgan ishbilarmonlar soni ham ko‘payib bormoqda.

Bundan tashqari, yangi ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlarga bank xizmatidan bepul foydalanish kabi maxsus imtiyozlar belgilanib, moliya muassasining ushbu tashabbusdagi ko‘rsatkichlari muntazam yangilanib bormoqda.

“Trastbank” – “Tadbirkorlarning eng yaxshi hamkori va ishonchli tayanchi”

 Aytish joizki, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki o‘z faoliyatida tadbirkor va ishbilarmonlarning mustahkam tayanchiga aylanib ulgurdi. Ta’kidlaganimizdek, Bank kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni moliyashtirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” ning muntazam o‘tkazilib kelinayotganligi, imtiyozli kreditlar joriy qilinishi, mavjud imityoz va xizmatlardan foydalanish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilishi mamlakatimizda ishbilarmonlar sonining ko‘payishiga zamin yaratmoqda.

 Xususan, Toshkent shahrida aholining tadbirkorlik faoliyatini boshlashni rag‘batlantirishga qaratilgan kreditlar bo‘yicha joriy yil boshidan 2024-yil 3-iyun holatiga jami 786 nafar jismoniy shaxsga jami 156 132 mln so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan bo‘lib, shundan, “Biznesga birinchi qadam” shartlari asosida 18 ta holatda 120 mln so‘m, o‘zini-o‘zi band qilgan va tadbirkorlikni boshlash uchun ajratilgan boshqa kreditlar bo‘yicha 768 ta holatda 156 012 mln so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

Startap loyihalar amalda

 “Trastbank” XAB tomonidan Startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash doirasida “Multibroker” MCHJning Jett investisiya servisi ilovasi tanlab olinib, hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. “Multibroker” MCHJ tomonidan loyihaning joriy qiymati 67 546,0 mln so‘m bo‘lgan Jett platformasi foydalanuvchilarga masofadan turib investision hisobraqam ochish, uni mablag‘ bilan to‘ldirish va fond birjasida qimmatli qog‘ozlar (aksiyalar, obligatsiyalar) bilan savdo qilish imkonini beruvchi servisni rivojlantirish rejalashtirilgan.

Ijtimoiy himoyaga doimiy e’tibor: barchasi xalqimiz farovonligi uchun

Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor jihalaridan biridir. “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida mahallalarda aholi turmush tarzini yaxshilash, daromadlarini oshirishga qaratilgan bir qator xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, poytaxtimizning qator mahallalari aholisiga zamonaviy tikuv mashinalari topshirilishi hamda bolalarni sog‘lomlashtiruvchi massaj qilish uskunasi va temir buyumlarni payvandlash uskunalari tuhfa qilinishi fikrimizning yaqqol dalilidir. Albatta, bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Ta’lim rivojiga qo‘shilayotgan hissa

Mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, xususan, kitobxonlik targ‘ibotini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan mahallarda yoshlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil qilish, ta’lim olish uchun qulay shart-sharoitlarning yaratilishi kitobxonlik madaniyatinining ham isloh qilinishiga zamin yaratmoqda. Xususan, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tashabbusi bilan ham poytaxtimizdagi “Bo‘ston”, “Beltepa”, “Al-Xorazmiy”, “Kamolon darvoza”, “Gulobod” va “Beshqayrag‘och” mahalla fuqarolar yig‘inlarida kutubxonalar tashkil etilib, foydalanishga topshirildi. Jahon va milliy adabiyot namunalari, bolalar uchun qiziqarli asarlar to‘plami, qolaversa, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega jami 6 mingga yaqin kitoblar o‘g‘il-qizlar orasida kitobxonlikni targ‘ib etish borasidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Muxtasar qilib aytganda, o‘tgan yillar davomida bank jamoasi shahdam qadam tashlagan holda, bugun davlatimizning yetakchi moliya institutlaridan birini barpo eta olganidan faxrlanadi. Kelgusida ham “Trastbank” mijozlari uchun eng ishonchli bank, ular uchun yangi mahsulot va xizmatlarni yo‘lga qo‘yishga hamda bank xizmatlari ofislari tarmog‘ini kengaytirish, xizmat ko‘rsatishni yanada qulay va sifatli qilishga intiladi.

“Trastbank” XAB

Axborot xizmati

Manba: ko'rsatilmagan / Ko'rishlar: 1206

Xizmat sifati haqida fikrlaringizni qoldiring

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech