Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan hududlarda “Umumjahon pul haftaligi – 2026” (“Global money week – 2026”) doirasida turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur jarayonlarda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham faol qatnashmoqda.
“Farg‘ona” bank xizmatlari ofisida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi. Unda Farg‘ona shahridagi 40-sonli ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchilariga moliya muassasasi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Qolaversa, pul va moliya, kredit mahsulotlari, omonatlar hamda raqamli moliyaviy savodxonlik, raqamli bank, bank kartalari turlari haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, bugungi kunning dolzarb masalalaridan sanalgan kiberhujumlarning oldini olish to‘g‘risida so‘z yuritilib, firibgarlarga aldanib qolmaslik uchun zarur tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, moliyaviy savodxonlik to‘garagi loyihasi doirasida o‘quvchilar o‘rtasida “Smart safety” shiori ostida tanlov o‘tkazildi. Unda o‘g‘il-qizlar mazkur yo‘nalishda bilim va ko‘nikmalarini sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etishdi.
Ushbu jarayonlarda faol ishtirok etgan o‘quvchilar “Trastbank”ning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Hududlarda “Umumjahon pul haftaligi – 2026” (“Global money week – 2026”) doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.




