Bugun, 24-avgust kuni Toshkent shahridagi “CAEx Uzbekistan” majmuasida birinchi xalqaro “Ipak yo‘li moliya va texnologiyalar” forumi (Silk Road Finance & Technology Forum) o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Global Finance & Technology Network (GFTN) tomonidan tashkil etilgan mazkur Forumda moliya sektori, fintech-kompaniyalar, investorlar, texnologik startup asoschilari va davlat idoralari vakillari ishtirok etmoqda. Unda ochiq banking, raqamli aktivlar, transchegaraviy to‘lovlar, sun’iy intellekt va islomiy moliya, fintech, texnologiyalar, investitsiyalar hamda xalqaro hamkorlik kabi mavzular muhokama markazida bo‘ladi.


“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki ham mazkur Forumda ishtirok etib, bank xizmatlari va mahsulotlari haqida taqdimotlar qilmoqda. Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun “onlayn banking” xizmatlarini taqdim etuvchi mobil ilovalar haqida batafsil ma’lumotlar bermoqda.

Ta’kidlash joizki, 26-avgust kuniga qadar davom etadigan ushbu Forumda 75 dan ortiq davlatdan 4 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda. Muhokamalar “CAEx Uzbekistan” majmuasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.





