2026-yil 22-may kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Bosh ofisida moliya muassasasi aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni Bank Kuzatuv Kengashi Raisi T.Sharipov olib bordi.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, “Trastbank” XABning 2025-yil faoliyati yakunlari va 2026-yil uchun rivojlanish istiqbollari to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda Bank bosqichma-bosqich, dinamik rivojlanishni davom ettirib, faoliyatni optimallashtirish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirdi. Xususan, sof foyda 852,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Aktivlar birinchi marta 14 trln so‘mdan oshdi. Bankning o‘z mablag‘lari esa 3,4 trln so‘mga yetdi.
Bundan tashqari, moliya muassasasi xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlab bordi. “Axbor Rating” reyting agentligining tahlillariga ko‘ra, “Trastbank” aktivlar rentabelligi bo‘yicha 35 ta bank orasida birinchi o‘rinni, o‘rta guruh banklari orasida investitsiya portfeli hajmi, sof foiz marjasi va tartibga soluvchi kapitalning yetarliligi bo‘yicha banklar orasida ikkinchi o‘rinni qayd etdi. Sof foyda, yuridik shaxslarning depozitlari va yuqori likvidli aktivlari bo‘yicha esa uchinchi o‘rinda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga koʻra, “Trastbank” 2025-yilgi reytingda ikkinchi oʻrinni egallab, rentabellik, likvidlik va kapitalning yetarliligi boʻyicha kuchli uchlikdan joy oldi. Qolaversa, “Standard & Poor's” Global Ratings tomonidan “Trastbank”ning uzoq va qisqa muddatli kredit reytinglari barqaror prognozli “B+/B” darajasida tasdiqlanishi uning moliya bozorida mustahkam o‘rin egallaganidan dalolatdir.
Yana bir jihat. O‘tgan yilda “Trastbank” xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasidagi ishlarni ham izchil davom ettirdi. Jumladan, Xalqaro islom savdo va moliya korporatsiyasi bilan umumiy qiymati 20 mln dollarlik ikki tomonlama shartnoma imzolandi. Ajratilgan mablagʻlar oziq-ovqat sanoati, toʻqimachilik, farmatsevtika, umumiy ovqatlanish va boshqa muhim tarmoqlarga yoʻnaltiriladi. Germaniyaning “Helaba” banki bilan esa 10 mln yevro qiymatidagi hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Yig‘ilishda 2025-yilda Bank mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha ham faol ish olib borilganligi, xizmatlarning bunday kengayishi faoliyatning barcha sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda 2025-yil uchun Bankning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha xulosani tasdiqlash, o‘tgan yilning yillik hisobotini tasdiqlash, foydani taqsimlash, umumiy maqsadlar uchun zaxira fondini shakllantirish, Bank faoliyatining 2026-yilning 1-yarim yilligi va 2026-yil yakunlari bo‘yicha auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini tasdiqlash, shartnomalarni tuzish hamda audit xizmatlariga to‘lanadigan haqning eng yuqori miqdorini tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.
“Trastbank” XAB Boshqaruvi Raisi bilan mehnat shartnomasini tuzish, balansdan tashqari hisoblarda hisobi yuritilayotgan, umidsiz aktivlarni undirish bo‘yicha 2025-yilda ko‘rilgan choralar, Bank Kuzatuv kengashining a’zolari soni tarkibini, Bank Kuzatuv Kengashi a’zolarining qo‘shimcha saylovi, Bank Ustaviga o‘zgartirish kiritish, Bank Kuzatuv kengashining 2025-yil yakunlari bo‘yicha korporativ boshqaruv me’yorlariga rioya etilayotganligi haqida hisoboti, Bankning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi navbatdagi masala – 2025-yil yakuni bo‘yicha Bankda korporativ boshqaruv tizimini baholash natijalari ham muhokama qilindi. “Premium Finance” mustaqil tashkiloti Korporativ boshqaruv kodeksiga muvofiq, 2025-yil uchun bankning korporativ boshqaruv tizimi bo‘yicha baholash o‘tkazdi. Natijalarga ko‘ra, Bankning korporativ boshqaruv tizimi yuqori deb topildi.
Shuningdek, 2026-2030-yillar uchun “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankining uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini tasdiqlash va kun tartibidagi boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Bank boshqaruviga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy normativlarga qat’iy amal qilish, onlayn banking xizmatlarini keng joriy etish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.





