Bahor – yangilanish, yosharish fasli. Daraxtlar kurtaklab, turfa anvoyi gullar xushbo‘y ifori ila o‘ziga maftun etadi. Fasllar kelinchagi aynan xotin-qizlarning bayrami bilan boshlanishi ham bejiz emas. Zero, ayolni bahorga, bahorni esa ayolga qiyoslaymiz. Birdek ardoqlab, qadrlaymiz.
Ayol bor ekanki, oilada qut-baraka, ishda unum va hamjihatlik bo‘ladi. Bugun xotin-qizlar har jabhada faol, har ishda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida hozirgi kunda 750 dan ziyod xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 104 nafari mas’uliyatli rahbar lavozimlarida ishlab, ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda. Hamkasblarimiz o‘zlarining zukkoligi, epchil va fidoiyligi bilan namuna timsoliga aylanmoqda. Suyukli rafiqa, munis ona va jonkuyar hamkasb degan e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
Bugun, erta tongdan “Trastbank” XAB Bosh ofisi, Amaliyot boshqarmasi va hududlardagi bank xizmatlari ofislari hamda markazlarida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Ishini o‘z oilasidek biladigan hamkasabalarimiz hamda moliya muassasasiga tashrif buyurgan mijozlarga alohida hurmat ko‘rsatilib, ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
Shu o‘rinda, barcha xotin-qizlarni bayram bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik va fasli bahor kabi hamisha latofatli hamda qadrli bo‘lib yurishlarini tilab qolamiz.





