“Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, xizmat ko‘rsatish standartlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash hamda bank mijozlari bilan o‘zaro munosabatlarda professional yondashuvni mustahkamlash maqsadida tizimli chora tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, bank xizmatlari ofislari xodimlarining mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayoni tashqi marketing kompaniyasining masʼul xodimlari tomonidan “Sirli mijoz” nazorat tadbirlari asosida tizimli ravishda o‘rganib borilmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu nazorat tadbirlari xizmat ko‘rsatish jarayoniga xolis baho berish, mavjud kamchiliklarni aniqlash va xizmat sifatini yanada yaxshilash uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Trastbank” XAB “Jizzax”, “Samarqand” va “Buxoro” bank xizmatlari ofislarida “Sirli mijoz” usuli asosida o‘tkazilgan tadbirlar natijalari yuzasidan amaliy seminar tashkil etildi. Unda mijozlarga xizmat ko‘rsatish davomida aniqlangan xato va kamchiliklar har bir xodim kesimida tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini oshirish, bu borada standartlarga to‘liq rioya etilishini taʼminlash bo‘yicha aniq tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, seminar yakunida ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.





